“Шурут ас-солат” (Намоз шартлари) рисоласи
Ibn Kamol poshsho laqabi bilan tanilgan hanafiy olimi Ahmad ibn Sulaymon ar-Rumiy al-Bursaviy (vaf. 940/1533) rahimahulloh o`z davrining yetuk faqihlaridan biri hisoblanadi. U qadim Turkiya diyoridan yetishib chiqqan eng taniqli olimlardan biridir. Uni Kamolposhshozoda deganlar ham bo`lgan. U zot Adirna shahrida mudarris va qozi, keyin Istanbulda qoziaskar bo`lganlar. Qohirada ulamolar bilan ilmiy bahslar olib borganlar. 932/1525 yildan umrining oxirigacha esa Istanbulda bosh muftiy bo`lib ilmiy faoliyat yuritganlar. Uning 300 (uch yuz)dan ortiq asarlari bo`lgani ma`lum. Ana shulardan biri “Shurut as-solat” (“Namoz shartlari”) deb atalgan bo`lib, qo`lyozmalari ko`p tarqalgan. Ushbu mo`jaz risolada hanafiylik mazhabi fiqhiga ko`ra namozning shartlari, vojibu sunnat va mustahablari, namozni buzuvchi amallar hamda tahorat va g`usl masalalari juda qisqa ravishda ko`rib chiqilgan.
“SHURUT AS-SOLAT”
(“Namoz shartlari”)
Bismillahir rohmanir rohiym.
Olamlar rabbisi Allohga hamdlar bo`lsin! Salovat va salomlar sayyidimiz Muhammad alayhissalomga va u zotning barcha sahobalariga bo`lsin!
Namozning shartlari bobi
Ular oltitadir:
Avvalgisi, pok suv bilan tahorat olmoq yoki yer jinsidan bo`lgan tuproq, qum, tosh surmasi, zarra, tosh, ganch kabi narsalar bilan qachonki suv topilmasa durust bo`ladi. Shuningdek, tayammum agar kishi xasta bo`lsa, agar suv ishlatsa kasali zo`rayish xavfi bo`lsa, yoki junub bo`lsa va sovuq suv bilan g`usl qilishlikdan va sovuqlik uni o`ldirishi va sog`lig`iga zarar yetkazishidan qo`rqsa ham durust bo`ladi. Ikkinchisi, namoz o`qiguvchining badani, libosi, namozi o`rni hukmi yengil va og`ir bo`lgan najosatlardan pok bo`lishidir. Hukmi yengil bo`lgan najosatlarga ot siydigi (bavli), go`shti yeyilmaydigan qushlarning tezagi kiradi. Agar namoz o`quvchining badanida yo kiyimida yoki namoz o`rnida bir qarichga bir qarich miqdoridan ortiq (ya`ni, bo`yi va eni bir qarich miqdoridan ko`p) najas bo`lsa, ular bilan namozi durust bo`lmaydi. Qachonki, bu o`sha najosatlarni tozalashga qodir bo`lsadir. Agarda ularni tozalashga qodir bo`lmasa, (tozalashning iloji topmasa), barcha olimlar ittifoqiga ko`ra, (kelishuvlariga ko`ra), u namoz o`qiyveradi, unga o`sha namozini qaytadan o`qish lozim ham bo`lmaydi. Hukmi og`ir najosatlarga qon, siydik, odamzot axlati, spirtli ichimliklar, tovuq tezagi, eshshak, mushuk yoki sichqon siydigi, go`ng va tezaklar kabilar kiradi. Agar namoz o`quvchining badani, kiyimi yoki namoz o`rnida bir tanga miqdori quyuq (qattiq) najasdan ortiqroq bo`lsa yoki suyuq najasdan kaft oyasi (o`rtasi) miqdoridan ko`proq bo`lsa, o`shanday najaslar bilan uning namozi ravo bo`lmaydi. Uchinchisi, avratni berkitishdir. Erkak kishining avrati kindikdan tizzaga qadar a`zolaridir. Tizza ham avratdir. Ayollarning barcha a`zolari avratdir, bundan faqat yuzi, ikki kafti, ikki qadami mustasno. Karnizak ayollar avrat bobida erkaklarga o`xshash, lekin, ularning orqa va qorinlari ham avrat hisoblanadi. To`rtinchisi, namoz vaqtining kirishidir. Beshinchisi, qiblaga yuzlanishdir. Oltinchisi, niyat, ya`ni, o`qiyotgan muayyan namozini ko`nglida qasd etish.
Agar ushbu olti shartning birortasini tark etsa yoki qilmasa, u kishining namozi durust bo`lmaydi. Xoh ularni qasddan tark qilsin, xoh unutib tark qilsin, farqi yo`q. (Har qanday holatda, ushbu amallar qilinmagan taqdirda namozi durust bo`lmaydi).
Namozning farzlari bobi
Ular ham oltitadir:
Avvalgisi, boshlang`ich takbirlari (namozga kirishdagi ilk takbirlar). Ikkinchisi, oyoq uzra turish. Uchinchisi, qiroat (bir uzun oyat yoki uch qisqa oyat). To`rtinchisi, ruku` qilmoq (egilmoq). Beshinchisi, sajda qilmoq (peshonasini yerga tekkazish). Oltinchisi, namoz oxirida “attahiyot” miqdori o`tirmoq.
Kimki ushbu olti farzlardan birini tark etsa, uning namozi buziladi.
Namozning vojiblari bobi
Ular o`n ikkitadir:
Avvalgisi, (farz namozlarining avval ikki rakatda va sunnatlarda ham) “Fotiha” surasini o`qish. Ikkinchisi, (fotihaga) bir sura qo`shish. Uchinchisi, (namozdagi) takroriy qilinadigan amallarda tartibga rioya qilish (masalan, ruku`, sajda, qiyom va qiroatlarni o`z o`rnida bajarish). To`rtinchisi, avvalgi qa`da o`tirishi (uch va to`rt rak`atlarli namozlarning ikkinchi rak`atidan so`ng o`tirmoq). Beshinchisi, avvalgi o`tirishda “attahiyot” o`qimoq. Oltinchisi, oxirgi o`tirishda “attahiyot” o`qish. Ettinchi, vitr namozida duo o`qimoq (aynan qunut duosini o`qimoq sunnat). Sakkizinchisi, boshlanishdagi ilk takbirlardan boshqa ikki hayit takbirlari. To`qqizinchisi, oshkora o`qish kerak bo`lgan o`rinlarda oshkora qiroat qilish (imom bomdod, shom va xuftonning avvalgi ikki rak`atida, shuningdek, juma, hayit va taroveh namozlarini baland ovoz bilan qiroat qilishi). O`ninchisi, past o`qish kerak bo`lgan o`rinlarda past ovozda qiroat qilish (imom peshin va asr namozlarida past, o`zi eshitgudek ovoz bilan qiroat qilishi). O`n birinchisi, ruknlarni adolat bilan to`g`ri ado qilish (ruku`, sajda, o`tirshda a`zolarni tebranishidan to`xtaguncha turish). O`n ikkinchisi, salom lafziga yetkazish (namozdan salom berib chiqish).
Agar kim ushbu vojiblarning birini yanglishib tark etsa, unga sajdai sahv qilish vojib bo`ladi. Agar kim (bu vojiblardan birortasini) bilib qasddan qilmasa, unga sajdai sahv lozim bo`lmaydi (balki, tavba va istig`for qilish lozim bo`ladi).
Namozning sunnatlari bobi
Ular yigirma beshtadir:
Avvalgisi, boshlang`ich takbirlarida ikki qo`lni to ikki bosh barmog`i quloqlarining yumshog`i barobariga yetguncha ko`tarishdir. Ikkinchisi, kindik ostidan o`ng qo`lini chap qo`lining ustiga qo`yishdir. Uchinchisi, sano (“subhonaka” duosini o`qish). To`rtinchi, “auzu” ni aytish. Beshinchisi, har bir rak`atda “bismilloh” aytish. Oltinchisi, surai fotihani oxirgi rak`atlarda, ya`ni, shom kabi uch rak`atli farz namozlarning uchinchi rak`atida yoki to`rt rak`atli farz namozlarning so`nggi ikki rak`atida o`qishdir. Ettinchisi, “omin” deyishdir. Sakkizinchisi, namoz orasidagi takbirlarni aytishdir. To`qqizinchisi, (ruku`da erkaklar) ikki qo`li bilan tizzalariga tayanadi. Unda barmoqlarining orasini ochiq tutadi va ikki tizzani qo`llari bilan qo`ltiqdan ochiq tutgan holda ushlaydi. O`ninchisi, (yana ruku`da) boshi bilan orqasini tekis tutish. O`n birinchisi, ruku`da uch marotaba “Subhana robbiya-l-`aziym!” deb tasbeh aytishdir. Tasbehlarni uchdan ziyoda toq qilib orttirish mastahab amallardan sanaladi. O`n ikkinchisi, ruku`dan boshini ko`targan paytda oyoq uzra tik turguncha “Sami`allohu li-man hamidah!” deyish. O`n uchinchisi, “Robbana laka-l-hamd!” deb aytish. O`n to`rtinchisi, (sajdaga borishda) qo`llarini (erga) qo`yishdan avval ikki tizzasini qo`yadi. O`n beshinchi, tizzalarini qo`ygandan keyin ikki qo`li bilan yerga tayanadi. Qo`llari va oyoqlari barmoqlarini qibla tarafga yuzlantiradi. Joy keng bo`lganida qo`ltiqlari orasini ochiq tutadi. Sonlaridan qornini ayirgan holda tutadi. Ammo ikki oyoqni yerga qo`yish masalasiga kelsak, Imom al-Quduriy rahimahulloh zikr qilishlaricha, bu sajda vaqtida farzdir. O`n oltinchisi, yuzini ikki kafti orasiga, ikki qo`lini quloqlari to`g`risiga qo`yadi. O`n yettinchisi, peshonani qo`yishdan avval burnini qo`yadi, burnini qo`ygandan keyin esa peshonani qo`yadi. Agar sajdada qisqartsa, ya`ni, burninigina qo`ysa, Imomi A`zam Abu Hanifa rahimahulloh nazdlarida durust bo`ladi. Imomi Muhammad rahimahulloh va Abu Yusuf rahimahulloh fikricha, joiz bo`lmaydi. Fatvo ushbu (so`nggi) so`zgadir! O`n sakkizinchisi, sajdada uch martaba “Subhana robbiya-l-a`lo!” deb tasbeh aytishdir. Uchdan ziyoda toq qilib orttirish mastahab amallardan sanaladi. O`n to`qqizinchi, a`zolari tebranishdan to`xtaguncha sajda qilgan holida orom olib turmoq. Agar oyoq uzra tik turishni xohlasa, (bir pas) o`tirmasin va yerga tayanmasin. Yigirmanchisi, agar qa`da qilishni xohlasa, chap oyog`ini to`shasin va uning ustiga o`tirsin va o`ng oyog`ini tik tutsin. Yigirma birinchisi, barmoqlarini to`shagan (ishorati sabboba qilmagan) holda, ikki qo`lini tizzasiga qo`ymoq. Yigirma ikkinchisi, tahhiyotdan so`ng oxirgi o`tirishda Payg`ambar alayhissalomga salovat aytishdir. Yigirma uchinchi, (salovatdan so`ng) Qur`on so`zlariga o`xshash yoki Payg`ambar alayhissalomdan aytilgan duolardan olib duo qilishdir. Yigirma to`rtinchi, namoz so`nggida o`ngga salom berganda o`ng tomondagi kishilarni, chap tomonga salom berganda chap tomondagi kishlarni niyat etish. Soqchi farishtalarni va agar imom bo`lsa, uni ham niyati qiladi. Agar yolg`iz o`quvchi bo`lsa, soqchi farishtalardan boshqani niyat etmaydi. Yigirma beshinchisi, o`ng yoniga qaraganda o`ng chakkasining oqlig`i va chap yoniga qarashda chap yonog`ining oqlig`i ko`ringuncha qarab salom beradi.
Namozning mustahablari bobi
Ular sakkiztadir:
Avvalgisi, iqomatda “Hayya `ala-s-solat!” deyilgan paytda turishdir. Ikkinchisi, agar imom bo`lsa, “Qod qomati-s-solat!” deyilgan paytda namozga kirishishdir. Abu Yusuf rahimahulloh muazzin iqomatni tugatgan vaqtda imom (namozga) kirishadi, deganlar. Uchinchisi, quloq qoqish takbirlari aytayotganda ikki yengidan qo`llarini chiqarishdir. To`rtinchisi, namoz o`quvchining qiyomda turganda sajda o`rniga qarashidir. Beshinchisi, namoz o`quvchining ruku`da ikki oyog`i ustiga qarashidir. Oltinchisi, qiyom va ruku`da ikki oyoq orasini tovonlari tomondan qo`lning to`rt barmog`i miqdori ochib turish. Ettinchisi, sajdada namoz o`quvchining burnining uchiga qaramoqligidir. Sakkizinchisi, o`tirishda namoz o`quvchining qo`yniga qaramoqligidir.
Bilginki, (namozda) o`n turli ishda ayollar erkaklarning aksini qiladilar: (ya`ni, ayollar bilan erkaklarning namoz o`qishlarida o`n joyda farqlar bor). Ayollar (takbiri tahrima aytishda) ikki qo`llarini yelkalari barobar ko`taradilar. Ayollar (qiyomda) ko`kraklari ostida o`ng qo`lini chap qo`li ustiga qo`yib turadilar. Ayollar (sajdada) qornini ikki sonidan ochiq tutadilar. Ayollar (qa`dada) ikki qo`lini sonlari ustiga qo`yadilar. Barmoqlarining uchi tizzalariga yetib turadi. Ayollar sajdalarida ikki qo`ltig`ini ochiq qilmaydilar. Ayollar tashahhudda har ikki oyog`ini o`ng tomondan chiqarib o`tiradilar. Ayollar ruku`da barmoqlarini ochiq qilmaydilar. Ayollar erkaklarga imom bo`la olmaydilar. Ayollarning o`zaro jamoat bo`lib namoz o`qishlari ham makruh bo`ladi. Agar jamoat bo`lib namoz o`qimoqchi bo`lsalar, imomlari o`rtada (safdan oldinga chiqmasdan) turadi.
Namozning makruhlari bobi
Ular o`n bittadir:
Avvalgisi, (namozda) uzrsiz chordona qurib o`tirmoqdir. Ikkinchisi, barmoqlar bilan oyat va tasbehlarni sanamoqdir. Uchinchisi, sajdada ikki tirsagini yerga to`shamoqdir. To`rtinchisi, o`ngga va chapga qaramoqdir. Beshinchisi, uzrsiz ikki ko`zini yummoqdir. Oltinchisi, sajda o`rnidan toshchalardan tozalamoqdir. Faqat agar sajda qilish mumkin bo`lmaydigan bo`lsa, bir yo ikki marotaba tozalaydi. Ettinchisi, uzrsiz sallasining chetiga yoki kiyimining chokiga sajda qilmoqdir. Sakkizinchisi, namozda sababsiz qadam tashlamoqdir. To`qqizinchisi, tishlari bilan yoki qo`lining orqasi bilan bekitmasdan esnashdir. O`ninchisi, tanasidagi yoki kiyimidagi yoki sochidagi yoki tilidagi biror narsani o`ynashdir. O`n birinchisi, qachonki masjidda bo`lsa, biror safda bo`sh o`rin bo`lsa, orqadagi safda turmoqdir.
Namozda mufsidlar bobi
Ular o`n to`rttadir:
Birinchisi, uzrsiz yo`talib tomoq qirmoqdir. Ikkinchisi, aksa urgan kishiga “Yarhamukalloh!” deb (yoki o`zbek tilida “Salomat bo`ling!” deb) javob bermoqdir. Uchinchisi, namoz o`quvchining imomdan boshqa kishiga luqma bermog`idir. To`rtinchisi, “La ilaha illaloh” deb javob bermoqdir. Agar shu so`z bilan birovning so`ziga javobni niyat qilsa, uning namozi buziladi. Agar imomga luqma berishni xohlasa, namozi buzulmaydi. Beshinchisi, avrat a`zolaridan birining (to`rtdan biri) ochilishidir. Oltinchisi, og`riqdan yoki qayg`udan baland ovozda yig`lamoqdir. Faqat jannat va do`zaxni eslab yig`lasa, bundan mustasnodir. Ettinchisi, qo`li yoki tili bilan salomga javob qaytarmoqdir. Sakkizinchisi, agar tartib soqit bo`lmagan bo`lsa, qazo qilgan namozining esga tushib qolishidir. (Ya`ni, agar birovning umrida besh namozi o`qilmay qolib qazo bo`lgan bo`lsa, u qazolarini avval tartibi bilan o`qib, so`ng adoni o`qishga kirishmog`i farz bo`ladi. Shu kishi bir namozni ado qilayotganda, avval qazo qilgan namozini eslab qolsa, ushbu namozi buziladi). To`qqizinchisi, amali kasir, ya`ni, odatda ikki qo`li bilan qilinadigan ishni bajarmoqdir. O`ninchisi, gapirmoqdir. O`n birinchisi, yemoq. O`n ikkinchisi, ichmoqdir. O`n uchinchisi, hushning ketimoqdir. O`n to`rtinchisi, (yonidagi kishi eshitadigan darajada) kulmoqdir.
Ushbu o`n to`rt turli ishning hammasi namozni buzadi. Uni qiluvchi xoh qasddan qilsin, xoh bilmasdan qilsa, barobardir, farqi yo`q.
Tahoratning farzlari bobi
Ular to`rttadir:
Birinchisi, yuzni yuvmoqdir. U boshdan uzunasiga soch chiqqan joydan (ya`ni, manglaydan) eyagi ostiga qadar, kengligida esa qulog`ining bu yumshog`idan ikkinchi yumshog`iga qadardir. Ikkinchi, tirsaklari bilan birga qo`shib ikki qo`lini yuvmoqdir. Uchinchi, boshining to`rtdan biriga mash tortmoqdir. To`rtinchi, to`piqlari bilan birga qo`shib ikki oyoqni yuvmoqdir.
Bas, kimki ushbu zikr etilgan to`rt narsadan birini yoki bir qismini tark qilsa, (o`sha tahorat bilan o`qigan) uning namozi durust bo`lmaydi.
Tahoratning sunnatlari bobi
Ular o`n uchtadir:
Avvalgisi, (tahoratdan oldin) niyat qilish va “bismilloh”ni aytishdir. Ikkinchisi, idishga qo`llarini kiritishdan oldin (umuman tahoratni boshlashda ilk bor) ikki qo`lni bo`g`inlariga qadar yuvmoqdir. Uchinchisi, misvak ishlatmoqdir. To`rtinchisi, og`izni chaymoqdir. Beshinchisi, burunni qoqib yuvmoqdir. Oltinchisi, og`iz va burunni chayishda mubolag`a qilmoqdir. Og`iz chayishdagi mubolag`a: suvni og`izning bir chetidan ikkinchi bir tarafiga chiqarmoq yoki g`arg`ara qilmoq yoki suvni ko`proq olib, og`iz to`ldirib chaymoqdir. Burunni chayishdagi mubolag`a: suvni burun teshigidan ko`tarilguncha (achishguncha) tortmoqdir. Ettinchisi, boshning hammasiga mash tortmoqdir. Sakkizinchisi, boshiga mash tortish uchun olgan suvi bilan ikki qulog`iga ham mash tortmoqdir. To`qqizinchisi, matnda kelgan tartibda bajarmoqdir (ya`ni, avval yuzni, keyin ikki qo`lni, so`ng boshga mash tortishni, so`ngra ikki oyoqni yuvmoq). O`ninchisi, tutash bajarmoqdir (ya`ni, a`zolarni yuvishda boshqa ish qilmasdan paydar-pay yuvib, tahoratni tugatmoq). O`n birinchisi, yuviladigan a`zolarni uch marotabadan yuvmoqdir. O`n ikkinchisi, barmoqlarini xilol qilmoqdir (ya`ni, qo`l barmoqlarni ustidan bir-biriga kiritib-aralashtirmoq, chap qo`lning kichik barmog`i bilan esa oyoq barmoqlarning ostidan o`tkazib yuvmoq). O`n uchinchisi, barmoqlari bilan soqolni xilol qilmoqdir (ya`ni, soqol osti-ustidan o`ng qo`l barmoqlarining orqasi bilan kiritib tuzatmoq).
Tahoratning mustahablari
Ular avval o`ng a`zolaridan boshlab yuvmoq va bo`yniga mash tortmoqdir.
Tahoratning odoblari bobi
Ular to`qqiztadir:
Avvalgisi, tahorat olayotganda odamlar gapi bilan gaplashmaslikdir. Ikkinchisi, o`ng qo`li bilan og`zi va burniga suv olmoqdir. Uchinchisi, chap qo`li bilan burun qoqmoqdir. To`rtinchi, har bir a`zoni yuvganda “Ashhadu anla ilaha illalohu va ashhadu anna Muhammadan abduhu va rasuluhu” deb aytadi. Beshinchisi, tahorat ishini o`ziga yuklamoq, o`zi bajarmoq. Oltinchi, tahorat olganda qibla tomonga yo`naladi. Ettinchisi, tahoratdan qolgan suvning qolgani yoki ozrog`ini tik turib qiblaga qarab turib ichadi. Sakkizinchi, tahoratdan bo`shagandan so`ng qiblaga qarab turib, “Ashhadu anla ilaha illalohu va ashhadu anna Muhammadan abduhu va rasuluhu. Suhanaka, allohumma, va bihamdika! Va ashhadu anla ilaha illa anta, vahdaka la sharika laka. Va astag`firuka va atubu ilayka!” deb aytmoqdir. To`qqizinchisi, tahoratdan bo`shagandan keyin ikki rak`at (“shukri vuzu`” yoki “tahorat haqqi” deyiladigan) namoz o`qiydi.
So`ngra, bilginki, tahorat uch turga bo`linadi:
Avvalgisi, farzdir. U (ruku` va sajdali) mutlaq namoz, janoza namozi va sajdai tilovat uchun tahorat olmoqdir. Ikkinchisi, vojibdir. U Baytullohni tavof qilib aylanish uchun tahorat olmoqdir. Uchinchisi, mustahabdir. U uxlash uchun, (shuningdek), g`iybat va yolg`on so`zlab qo`yganlik uchun, she`r yozgandan so`ng, qahqaha otib kulgandan keyin tahorat olmoqdir. Yana tahorat ustiga tahorat olmoq va o`lik yuvish uchun tahorat olmoq ham mustahabdir.
Tahoratning makruhlari bobi
Ular uchtadir:
Avvalgisi, suvni yuziga qattiq zarb bilan urmoqdir. Ikkinchisi, suvga burun qoqmoq va tupuk tashlamoqdir. Uchinchisi, chap qo`li bilan og`ziga va burniga suv olmoqdir.
So`ngra, bilginki, istinjo vaqtida so`zlamamoq, katta va kichik hojat paytida tupuk va manqani tashlamoq, hojatxonada avratga qaramoq ham makruhdir.
Tahoratda qaytarilgan narsalari bobi
Ular beshtadir:
Avvalgisi, suvni isrof qilmoqdir. Ikkinchisi, yuvish farz bo`lgan a`zolarni uch martadan ko`p yoki oz yuvmoqdir. Uchinchisi, tahorat olayotganda avratni ochmoqdir. To`rtinchisi, o`ng qo`li bilan istinjo qilmoqdir. Beshinchisi, suvga siymoq va axlat tashlamoqdir.
Tahoratni buzuvchi narsalar bobi
Ular sakkiztadir:
Avvalgisi, (insonning orqa-old a`zolari bo`lmish) ikki yo`lning biridan chiqqan barcha narsa. Ikkinchisi, sog`lom tanadan chiqqan (ya`ni, albatta yaradan tashqari oqqan) qon va yiring. Uchinchisi, og`izni to`ldirib qayt qilmoqdir. Agar bu zardob yoki taom yoxud suv qayt qilsadir. Balg`am qussa, qachonki u bosh tomondan tushsa, uch imom (Imomi A`zam Abu Hanifa rahimahulloh, Abu Yusuf rahimahulloh va Imomi Muhammad rahimahulloh) nazdida tahorati sinmaydi. Agar (balg`am) ichdan chiquvchi bo`lsa va bu og`iz to`lguncha bo`lsa, Abu Yusuf rahimahuloh fikrlaricha tahorati sinmaydi. Ikkovi (Imomi A`zam Abu Hanifa rahimahulloh bilan Imomi Muhammad ash-Shayboniy rahimahulloh fikrlariga ko`ra esa undoq emas. To`rtinchisi, chalqanchasiga yoki yonboshlab yoki biror narsa suyanib uxlamoqdir. Bu agar ushbu narsa olinsa, u (uxlayotgan kimsa) yiqiladigan bo`lsadir. Beshinchi, hushidan ketmak devona bo`lmoqdir. Oltinchisi, ruku` va sajdasi bor namozda qahqaha otib kulmoqdir. Ettinchisi, agar orqa teshikdan qurt chiqsa tahorat buziladi. Agar boshdagi jarohatdan chiqsa, tahorat buzilmaydi. Yana etdan tushsa ham buzilmaydi. Sakkizinchisi, er-xotin qip yolong`och bir-birlariga suykalishmog`idir. (Jinsiy aloqa qilish esa tahorat bilan birga g`uslni ham sindiradi). Zakarni ushlamoq va xotinni ushlamoq (a`zosini silash yoki qo`l tegib ketishi) tahoratni sindirmaydi.
G`uslning farzlari bobi
Ular uchtadir:
Avvalgisi, og`iz ichini yuvmoqdir. Ikkinchisi, burun ichini yuvmoqdir. Uchinchisi, qolgan barcha tanasini yuvmoqdir.
G`uslning sunnatlari bobi
Ular beshtadir:
Boshlanishda ikki qo`lini bo`g`inlarigacha uch martaba avval yuvadi. So`ng, jinsiy a`zosini yuvadi. So`ng, agar badanida najosat bo`lsa, uni ketkazadi. So`ng, namoz tahorati kabi tahorat qiladi, lekin, oyoqlarini (suv pastda to`planadigan bo`lsa,) yuvmay turadi. So`ng, boshidan va tanasining boshqa joylariga (o`ng va chap yelkalaridan boshlab) suvni uch martaba quyadi. So`ng, ushbu makondan (g`usl qilingan joydan) chiqib, ikki oyoqlarini yuvadi. G`usl qilganda ayollarga, modomiki suv soch taglariga yetadigan bo`lsa, soch turmak (o`rim)larini bo`shatmoq (yozdirmoq) vojib emas.
Bundan keyin, bilginki, g`usl o`n bir xil bo`ladi:
Ulardan beshtasi farz. Ular ikki uyat a`zo qo`shilganda g`usl qilmoq; maniy (otilib) chiqqanda g`usl qilmoq; ehtilom bo`lganda (uyquda bulg`anganda) g`usl qilmoq; hayz va nifos qoni kelib bitganda g`usl qilmoqdir. Ulardan bittasi vojib. U esa mayyitni yuvishdir. Ulardan to`rttasi sunnat. Ular juma va arafa kunlaridagi g`usl, ehrom bog`lash chog`idagi g`usl, ikki hayit kunlaridagi g`usldir. Ulardan bittasi mustahab. U esa kofirning agar junub bo`lmagan bo`lsa, musulmon bo`lgan chog`idagi g`usli hisoblanadi. Agar junub bo`lgan bo`lsa, g`usl vojib bo`ladi.
Risola tamom bo`ldi.
Tarjimonlar: Hamidulloh Beruniy va Ne`matulla Nasrullaev.
“ШУРУТ АС-СОЛАТ”
(“Намоз шартлари”)
Ибн Камол пошшо лақаби билан танилган ҳанафий олими Аҳмад ибн Сулаймон ар-Румий ал-Бурсавий (ваф. 940/1533) раҳимаҳуллоҳ ўз даврининг етук фақиҳларидан бири ҳисобланади. У қадим Туркия диёридан етишиб чиққан энг таниқли олимлардан биридир. Уни Камолпошшозода деганлар ҳам бўлган. У зот Адирна шаҳрида мударрис ва қози, кейин Истанбулда қозиаскар бўлганлар. Қоҳирада уламолар билан илмий баҳслар олиб борганлар. 932/1525 йилдан умрининг охиригача эса Истанбулда бош муфтий бўлиб илмий фаолият юритганлар. Унинг 300 (уч юз)дан ортиқ асарлари бўлгани маълум. Ана шулардан бири “Шурут ас-солат” (“Намоз шартлари”) деб аталган бўлиб, қўлёзмалари кўп тарқалган. Ушбу мўжаз рисолада ҳанафийлик мазҳаби фиқҳига кўра намознинг шартлари, вожибу суннат ва мустаҳаблари, намозни бузувчи амаллар ҳамда таҳорат ва ғусл масалалари жуда қисқа равишда кўриб чиқилган.
“ШУРУТ АС-СОЛАТ”
(“Намоз шартлари”)
Бисмиллаҳир роҳманир роҳийм.
Оламлар раббиси Аллоҳга ҳамдлар бўлсин! Саловат ва саломлар саййидимиз Муҳаммад алайҳиссаломга ва у зотнинг барча саҳобаларига бўлсин!
Намознинг шартлари боби
Улар олтитадир:
Аввалгиси, пок сув билан таҳорат олмоқ ёки ер жинсидан бўлган тупроқ, қум, тош сурмаси, зарра, тош, ганч каби нарсалар билан қачонки сув топилмаса дуруст бўлади. Шунингдек, таяммум агар киши хаста бўлса, агар сув ишлатса касали зўрайиш хавфи бўлса, ёки жунуб бўлса ва совуқ сув билан ғусл қилишликдан ва совуқлик уни ўлдириши ва соғлиғига зарар етказишидан қўрқса ҳам дуруст бўлади. Иккинчиси, намоз ўқигувчининг бадани, либоси, намози ўрни ҳукми енгил ва оғир бўлган нажосатлардан пок бўлишидир. Ҳукми енгил бўлган нажосатларга от сийдиги (бавли), гўшти ейилмайдиган қушларнинг тезаги киради. Агар намоз ўқувчининг баданида ё кийимида ёки намоз ўрнида бир қаричга бир қарич миқдоридан ортиқ (яъни, бўйи ва эни бир қарич миқдоридан кўп) нажас бўлса, улар билан намози дуруст бўлмайди. Қачонки, бу ўша нажосатларни тозалашга қодир бўлсадир. Агарда уларни тозалашга қодир бўлмаса, (тозалашнинг иложи топмаса), барча олимлар иттифоқига кўра, (келишувларига кўра), у намоз ўқийверади, унга ўша намозини қайтадан ўқиш лозим ҳам бўлмайди. Ҳукми оғир нажосатларга қон, сийдик, одамзот ахлати, спиртли ичимликлар, товуқ тезаги, эшшак, мушук ёки сичқон сийдиги, гўнг ва тезаклар кабилар киради. Агар намоз ўқувчининг бадани, кийими ёки намоз ўрнида бир танга миқдори қуюқ (қаттиқ) нажасдан ортиқроқ бўлса ёки суюқ нажасдан кафт ояси (ўртаси) миқдоридан кўпроқ бўлса, ўшандай нажаслар билан унинг намози раво бўлмайди. Учинчиси, авратни беркитишдир. Эркак кишининг аврати киндикдан тиззага қадар аъзоларидир. Тизза ҳам авратдир. Аёлларнинг барча аъзолари авратдир, бундан фақат юзи, икки кафти, икки қадами мустасно. Карнизак аёллар аврат бобида эркакларга ўхшаш, лекин, уларнинг орқа ва қоринлари ҳам аврат ҳисобланади. Тўртинчиси, намоз вақтининг киришидир. Бешинчиси, қиблага юзланишдир. Олтинчиси, ният, яъни, ўқиётган муайян намозини кўнглида қасд этиш.
Агар ушбу олти шартнинг бирортасини тарк этса ёки қилмаса, у кишининг намози дуруст бўлмайди. Хоҳ уларни қасддан тарк қилсин, хоҳ унутиб тарк қилсин, фарқи йўқ. (Ҳар қандай ҳолатда, ушбу амаллар қилинмаган тақдирда намози дуруст бўлмайди).
Намознинг фарзлари боби
Улар ҳам олтитадир:
Аввалгиси, бошланғич такбирлари (намозга киришдаги илк такбирлар). Иккинчиси, оёқ узра туриш. Учинчиси, қироат (бир узун оят ёки уч қисқа оят). Тўртинчиси, рукуъ қилмоқ (эгилмоқ). Бешинчиси, сажда қилмоқ (пешонасини ерга текказиш). Олтинчиси, намоз охирида “аттаҳиёт” миқдори ўтирмоқ.
Кимки ушбу олти фарзлардан бирини тарк этса, унинг намози бузилади.
Намознинг вожиблари боби
Улар ўн иккитадир:
Аввалгиси, (фарз намозларининг аввал икки ракатда ва суннатларда ҳам) “Фотиҳа” сурасини ўқиш. Иккинчиси, (фотиҳага) бир сура қўшиш. Учинчиси, (намоздаги) такрорий қилинадиган амалларда тартибга риоя қилиш (масалан, рукуъ, сажда, қиём ва қироатларни ўз ўрнида бажариш). Тўртинчиси, аввалги қаъда ўтириши (уч ва тўрт ракъатларли намозларнинг иккинчи ракъатидан сўнг ўтирмоқ). Бешинчиси, аввалги ўтиришда “аттаҳиёт” ўқимоқ. Олтинчиси, охирги ўтиришда “аттаҳиёт” ўқиш. Еттинчи, витр намозида дуо ўқимоқ (айнан қунут дуосини ўқимоқ суннат). Саккизинчиси, бошланишдаги илк такбирлардан бошқа икки ҳайит такбирлари. Тўққизинчиси, ошкора ўқиш керак бўлган ўринларда ошкора қироат қилиш (имом бомдод, шом ва хуфтоннинг аввалги икки ракъатида, шунингдек, жума, ҳайит ва таровеҳ намозларини баланд овоз билан қироат қилиши). Ўнинчиси, паст ўқиш керак бўлган ўринларда паст овозда қироат қилиш (имом пешин ва аср намозларида паст, ўзи эшитгудек овоз билан қироат қилиши). Ўн биринчиси, рукнларни адолат билан тўғри адо қилиш (рукуъ, сажда, ўтиршда аъзоларни тебранишидан тўхтагунча туриш). Ўн иккинчиси, салом лафзига етказиш (намоздан салом бериб чиқиш).
Агар ким ушбу вожибларнинг бирини янглишиб тарк этса, унга саждаи саҳв қилиш вожиб бўлади. Агар ким (бу вожиблардан бирортасини) билиб қасддан қилмаса, унга саждаи саҳв лозим бўлмайди (балки, тавба ва истиғфор қилиш лозим бўлади).
Намознинг суннатлари боби
Улар йигирма бештадир:
Аввалгиси, бошланғич такбирларида икки қўлни то икки бош бармоғи қулоқларининг юмшоғи баробарига етгунча кўтаришдир. Иккинчиси, киндик остидан ўнг қўлини чап қўлининг устига қўйишдир. Учинчиси, сано (“субҳонака” дуосини ўқиш). Тўртинчи, “аузу” ни айтиш. Бешинчиси, ҳар бир ракъатда “бисмиллоҳ” айтиш. Олтинчиси, сураи фотиҳани охирги ракъатларда, яъни, шом каби уч ракъатли фарз намозларнинг учинчи ракъатида ёки тўрт ракъатли фарз намозларнинг сўнгги икки ракъатида ўқишдир. Еттинчиси, “омин” дейишдир. Саккизинчиси, намоз орасидаги такбирларни айтишдир. Тўққизинчиси, (рукуъда эркаклар) икки қўли билан тиззаларига таянади. Унда бармоқларининг орасини очиқ тутади ва икки тиззани қўллари билан қўлтиқдан очиқ тутган ҳолда ушлайди. Ўнинчиси, (яна рукуъда) боши билан орқасини текис тутиш. Ўн биринчиси, рукуъда уч маротаба “Субҳана роббийа-л-ъазийм!” деб тасбеҳ айтишдир. Тасбеҳларни учдан зиёда тоқ қилиб орттириш мастаҳаб амаллардан саналади. Ўн иккинчиси, рукуъдан бошини кўтарган пайтда оёқ узра тик тургунча “Самиъаллоҳу ли-ман ҳамидаҳ!” дейиш. Ўн учинчиси, “Роббана лака-л-ҳамд!” деб айтиш. Ўн тўртинчиси, (саждага боришда) қўлларини (ерга) қўйишдан аввал икки тиззасини қўяди. Ўн бешинчи, тиззаларини қўйгандан кейин икки қўли билан ерга таянади. Қўллари ва оёқлари бармоқларини қибла тарафга юзлантиради. Жой кенг бўлганида қўлтиқлари орасини очиқ тутади. Сонларидан қорнини айирган ҳолда тутади. Аммо икки оёқни ерга қўйиш масаласига келсак, Имом ал-Қудурий раҳимаҳуллоҳ зикр қилишларича, бу сажда вақтида фарздир. Ўн олтинчиси, юзини икки кафти орасига, икки қўлини қулоқлари тўғрисига қўяди. Ўн еттинчиси, пешонани қўйишдан аввал бурнини қўяди, бурнини қўйгандан кейин эса пешонани қўяди. Агар саждада қисқартса, яъни, бурнинигина қўйса, Имоми Аъзам Абу Ҳанифа раҳимаҳуллоҳ наздларида дуруст бўлади. Имоми Муҳаммад раҳимаҳуллоҳ ва Абу Юсуф раҳимаҳуллоҳ фикрича, жоиз бўлмайди. Фатво ушбу (сўнгги) сўзгадир! Ўн саккизинчиси, саждада уч мартаба “Субҳана роббийа-л-аъло!” деб тасбеҳ айтишдир. Учдан зиёда тоқ қилиб орттириш мастаҳаб амаллардан саналади. Ўн тўққизинчи, аъзолари тебранишдан тўхтагунча сажда қилган ҳолида ором олиб турмоқ. Агар оёқ узра тик туришни хоҳласа, (бир пас) ўтирмасин ва ерга таянмасин. Йигирманчиси, агар қаъда қилишни хоҳласа, чап оёғини тўшасин ва унинг устига ўтирсин ва ўнг оёғини тик тутсин. Йигирма биринчиси, бармоқларини тўшаган (ишорати саббоба қилмаган) ҳолда, икки қўлини тиззасига қўймоқ. Йигирма иккинчиси, таҳҳиётдан сўнг охирги ўтиришда Пайғамбар алайҳиссаломга саловат айтишдир. Йигирма учинчи, (саловатдан сўнг) Қуръон сўзларига ўхшаш ёки Пайғамбар алайҳиссаломдан айтилган дуолардан олиб дуо қилишдир. Йигирма тўртинчи, намоз сўнггида ўнгга салом берганда ўнг томондаги кишиларни, чап томонга салом берганда чап томондаги кишларни ният этиш. Соқчи фаришталарни ва агар имом бўлса, уни ҳам нияти қилади. Агар ёлғиз ўқувчи бўлса, соқчи фаришталардан бошқани ният этмайди. Йигирма бешинчиси, ўнг ёнига қараганда ўнг чаккасининг оқлиғи ва чап ёнига қарашда чап ёноғининг оқлиғи кўрингунча қараб салом беради.
Намознинг мустаҳаблари боби
Улар саккизтадир:
Аввалгиси, иқоматда “Ҳаййа ъала-с-солат!” дейилган пайтда туришдир. Иккинчиси, агар имом бўлса, “Қод қомати-с-солат!” дейилган пайтда намозга киришишдир. Абу Юсуф раҳимаҳуллоҳ муаззин иқоматни тугатган вақтда имом (намозга) киришади, деганлар. Учинчиси, қулоқ қоқиш такбирлари айтаётганда икки енгидан қўлларини чиқаришдир. Тўртинчиси, намоз ўқувчининг қиёмда турганда сажда ўрнига қарашидир. Бешинчиси, намоз ўқувчининг рукуъда икки оёғи устига қарашидир. Олтинчиси, қиём ва рукуъда икки оёқ орасини товонлари томондан қўлнинг тўрт бармоғи миқдори очиб туриш. Еттинчиси, саждада намоз ўқувчининг бурнининг учига қарамоқлигидир. Саккизинчиси, ўтиришда намоз ўқувчининг қўйнига қарамоқлигидир.
Билгинки, (намозда) ўн турли ишда аёллар эркакларнинг аксини қиладилар: (яъни, аёллар билан эркакларнинг намоз ўқишларида ўн жойда фарқлар бор). Аёллар (такбири таҳрима айтишда) икки қўлларини елкалари баробар кўтарадилар. Аёллар (қиёмда) кўкраклари остида ўнг қўлини чап қўли устига қўйиб турадилар. Аёллар (саждада) қорнини икки сонидан очиқ тутадилар. Аёллар (қаъдада) икки қўлини сонлари устига қўядилар. Бармоқларининг учи тиззаларига етиб туради. Аёллар саждаларида икки қўлтиғини очиқ қилмайдилар. Аёллар ташаҳҳудда ҳар икки оёғини ўнг томондан чиқариб ўтирадилар. Аёллар рукуъда бармоқларини очиқ қилмайдилар. Аёллар эркакларга имом бўла олмайдилар. Аёлларнинг ўзаро жамоат бўлиб намоз ўқишлари ҳам макруҳ бўлади. Агар жамоат бўлиб намоз ўқимоқчи бўлсалар, имомлари ўртада (сафдан олдинга чиқмасдан) туради.
Намознинг макруҳлари боби
Улар ўн биттадир:
Аввалгиси, (намозда) узрсиз чордона қуриб ўтирмоқдир. Иккинчиси, бармоқлар билан оят ва тасбеҳларни санамоқдир. Учинчиси, саждада икки тирсагини ерга тўшамоқдир. Тўртинчиси, ўнгга ва чапга қарамоқдир. Бешинчиси, узрсиз икки кўзини юммоқдир. Олтинчиси, сажда ўрнидан тошчалардан тозаламоқдир. Фақат агар сажда қилиш мумкин бўлмайдиган бўлса, бир ё икки маротаба тозалайди. Еттинчиси, узрсиз салласининг четига ёки кийимининг чокига сажда қилмоқдир. Саккизинчиси, намозда сабабсиз қадам ташламоқдир. Тўққизинчиси, тишлари билан ёки қўлининг орқаси билан бекитмасдан эснашдир. Ўнинчиси, танасидаги ёки кийимидаги ёки сочидаги ёки тилидаги бирор нарсани ўйнашдир. Ўн биринчиси, қачонки масжидда бўлса, бирор сафда бўш ўрин бўлса, орқадаги сафда турмоқдир.
Намозда муфсидлар боби
Улар ўн тўрттадир:
Биринчиси, узрсиз йўталиб томоқ қирмоқдир. Иккинчиси, акса урган кишига “Ярҳамукаллоҳ!” деб (ёки ўзбек тилида “Саломат бўлинг!” деб) жавоб бермоқдир. Учинчиси, намоз ўқувчининг имомдан бошқа кишига луқма бермоғидир. Тўртинчиси, “Ла илаҳа иллалоҳ” деб жавоб бермоқдир. Агар шу сўз билан бировнинг сўзига жавобни ният қилса, унинг намози бузилади. Агар имомга луқма беришни хоҳласа, намози бузулмайди. Бешинчиси, аврат аъзоларидан бирининг (тўртдан бири) очилишидир. Олтинчиси, оғриқдан ёки қайғудан баланд овозда йиғламоқдир. Фақат жаннат ва дўзахни эслаб йиғласа, бундан мустаснодир. Еттинчиси, қўли ёки тили билан саломга жавоб қайтармоқдир. Саккизинчиси, агар тартиб соқит бўлмаган бўлса, қазо қилган намозининг эсга тушиб қолишидир. (Яъни, агар бировнинг умрида беш намози ўқилмай қолиб қазо бўлган бўлса, у қазоларини аввал тартиби билан ўқиб, сўнг адони ўқишга киришмоғи фарз бўлади. Шу киши бир намозни адо қилаётганда, аввал қазо қилган намозини эслаб қолса, ушбу намози бузилади). Тўққизинчиси, амали касир, яъни, одатда икки қўли билан қилинадиган ишни бажармоқдир. Ўнинчиси, гапирмоқдир. Ўн биринчиси, емоқ. Ўн иккинчиси, ичмоқдир. Ўн учинчиси, ҳушнинг кетимоқдир. Ўн тўртинчиси, (ёнидаги киши эшитадиган даражада) кулмоқдир.
Ушбу ўн тўрт турли ишнинг ҳаммаси намозни бузади. Уни қилувчи хоҳ қасддан қилсин, хоҳ билмасдан қилса, баробардир, фарқи йўқ.
Таҳоратнинг фарзлари боби
Улар тўрттадир:
Биринчиси, юзни ювмоқдир. У бошдан узунасига соч чиққан жойдан (яъни, манглайдан) эяги остига қадар, кенглигида эса қулоғининг бу юмшоғидан иккинчи юмшоғига қадардир. Иккинчи, тирсаклари билан бирга қўшиб икки қўлини ювмоқдир. Учинчи, бошининг тўртдан бирига масҳ тортмоқдир. Тўртинчи, тўпиқлари билан бирга қўшиб икки оёқни ювмоқдир.
Бас, кимки ушбу зикр этилган тўрт нарсадан бирини ёки бир қисмини тарк қилса, (ўша таҳорат билан ўқиган) унинг намози дуруст бўлмайди.
Таҳоратнинг суннатлари боби
Улар ўн учтадир:
Аввалгиси, (таҳоратдан олдин) ният қилиш ва “бисмиллоҳ”ни айтишдир. Иккинчиси, идишга қўлларини киритишдан олдин (умуман таҳоратни бошлашда илк бор) икки қўлни бўғинларига қадар ювмоқдир. Учинчиси, мисвак ишлатмоқдир. Тўртинчиси, оғизни чаймоқдир. Бешинчиси, бурунни қоқиб ювмоқдир. Олтинчиси, оғиз ва бурунни чайишда муболаға қилмоқдир. Оғиз чайишдаги муболаға: сувни оғизнинг бир четидан иккинчи бир тарафига чиқармоқ ёки ғарғара қилмоқ ёки сувни кўпроқ олиб, оғиз тўлдириб чаймоқдир. Бурунни чайишдаги муболаға: сувни бурун тешигидан кўтарилгунча (ачишгунча) тортмоқдир. Еттинчиси, бошнинг ҳаммасига масҳ тортмоқдир. Саккизинчиси, бошига масҳ тортиш учун олган суви билан икки қулоғига ҳам масҳ тортмоқдир. Тўққизинчиси, матнда келган тартибда бажармоқдир (яъни, аввал юзни, кейин икки қўлни, сўнг бошга масҳ тортишни, сўнгра икки оёқни ювмоқ). Ўнинчиси, туташ бажармоқдир (яъни, аъзоларни ювишда бошқа иш қилмасдан пайдар-пай ювиб, таҳоратни тугатмоқ). Ўн биринчиси, ювиладиган аъзоларни уч маротабадан ювмоқдир. Ўн иккинчиси, бармоқларини хилол қилмоқдир (яъни, қўл бармоқларни устидан бир-бирига киритиб-аралаштирмоқ, чап қўлнинг кичик бармоғи билан эса оёқ бармоқларнинг остидан ўтказиб ювмоқ). Ўн учинчиси, бармоқлари билан соқолни хилол қилмоқдир (яъни, соқол ости-устидан ўнг қўл бармоқларининг орқаси билан киритиб тузатмоқ).
Таҳоратнинг мустаҳаблари
Улар аввал ўнг аъзоларидан бошлаб ювмоқ ва бўйнига масҳ тортмоқдир.
Таҳоратнинг одоблари боби
Улар тўққизтадир:
Аввалгиси, таҳорат олаётганда одамлар гапи билан гаплашмасликдир. Иккинчиси, ўнг қўли билан оғзи ва бурнига сув олмоқдир. Учинчиси, чап қўли билан бурун қоқмоқдир. Тўртинчи, ҳар бир аъзони ювганда “Ашҳаду анла илаҳа иллалоҳу ва ашҳаду анна Муҳаммадан абдуҳу ва расулуҳу” деб айтади. Бешинчиси, таҳорат ишини ўзига юкламоқ, ўзи бажармоқ. Олтинчи, таҳорат олганда қибла томонга йўналади. Еттинчиси, таҳоратдан қолган сувнинг қолгани ёки озроғини тик туриб қиблага қараб туриб ичади. Саккизинчи, таҳоратдан бўшагандан сўнг қиблага қараб туриб, “Ашҳаду анла илаҳа иллалоҳу ва ашҳаду анна Муҳаммадан абдуҳу ва расулуҳу. Суҳанака, аллоҳумма, ва биҳамдика! Ва ашҳаду анла илаҳа илла анта, ваҳдака ла шарика лака. Ва астағфирука ва атубу илайка!” деб айтмоқдир. Тўққизинчиси, таҳоратдан бўшагандан кейин икки ракъат (“шукри вузуъ” ёки “таҳорат ҳаққи” дейиладиган) намоз ўқийди.
Сўнгра, билгинки, таҳорат уч турга бўлинади:
Аввалгиси, фарздир. У (рукуъ ва саждали) мутлақ намоз, жаноза намози ва саждаи тиловат учун таҳорат олмоқдир. Иккинчиси, вожибдир. У Байтуллоҳни тавоф қилиб айланиш учун таҳорат олмоқдир. Учинчиси, мустаҳабдир. У ухлаш учун, (шунингдек), ғийбат ва ёлғон сўзлаб қўйганлик учун, шеър ёзгандан сўнг, қаҳқаҳа отиб кулгандан кейин таҳорат олмоқдир. Яна таҳорат устига таҳорат олмоқ ва ўлик ювиш учун таҳорат олмоқ ҳам мустаҳабдир.
Таҳоратнинг макруҳлари боби
Улар учтадир:
Аввалгиси, сувни юзига қаттиқ зарб билан урмоқдир. Иккинчиси, сувга бурун қоқмоқ ва тупук ташламоқдир. Учинчиси, чап қўли билан оғзига ва бурнига сув олмоқдир.
Сўнгра, билгинки, истинжо вақтида сўзламамоқ, катта ва кичик ҳожат пайтида тупук ва манқани ташламоқ, ҳожатхонада авратга қарамоқ ҳам макруҳдир.
Таҳоратда қайтарилган нарсалари боби
Улар бештадир:
Аввалгиси, сувни исроф қилмоқдир. Иккинчиси, ювиш фарз бўлган аъзоларни уч мартадан кўп ёки оз ювмоқдир. Учинчиси, таҳорат олаётганда авратни очмоқдир. Тўртинчиси, ўнг қўли билан истинжо қилмоқдир. Бешинчиси, сувга сиймоқ ва ахлат ташламоқдир.
Таҳоратни бузувчи нарсалар боби
Улар саккизтадир:
Аввалгиси, (инсоннинг орқа-олд аъзолари бўлмиш) икки йўлнинг биридан чиққан барча нарса. Иккинчиси, соғлом танадан чиққан (яъни, албатта ярадан ташқари оққан) қон ва йиринг. Учинчиси, оғизни тўлдириб қайт қилмоқдир. Агар бу зардоб ёки таом ёхуд сув қайт қилсадир. Балғам қусса, қачонки у бош томондан тушса, уч имом (Имоми Аъзам Абу Ҳанифа раҳимаҳуллоҳ, Абу Юсуф раҳимаҳуллоҳ ва Имоми Муҳаммад раҳимаҳуллоҳ) наздида таҳорати синмайди. Агар (балғам) ичдан чиқувчи бўлса ва бу оғиз тўлгунча бўлса, Абу Юсуф раҳимаҳулоҳ фикрларича таҳорати синмайди. Иккови (Имоми Аъзам Абу Ҳанифа раҳимаҳуллоҳ билан Имоми Муҳаммад аш-Шайбоний раҳимаҳуллоҳ фикрларига кўра эса ундоқ эмас. Тўртинчиси, чалқанчасига ёки ёнбошлаб ёки бирор нарса суяниб ухламоқдир. Бу агар ушбу нарса олинса, у (ухлаётган кимса) йиқиладиган бўлсадир. Бешинчи, ҳушидан кетмак девона бўлмоқдир. Олтинчиси, рукуъ ва саждаси бор намозда қаҳқаҳа отиб кулмоқдир. Еттинчиси, агар орқа тешикдан қурт чиқса таҳорат бузилади. Агар бошдаги жароҳатдан чиқса, таҳорат бузилмайди. Яна этдан тушса ҳам бузилмайди. Саккизинчиси, эр-хотин қип ёлонғоч бир-бирларига суйкалишмоғидир. (Жинсий алоқа қилиш эса таҳорат билан бирга ғуслни ҳам синдиради). Закарни ушламоқ ва хотинни ушламоқ (аъзосини силаш ёки қўл тегиб кетиши) таҳоратни синдирмайди.
Ғуслнинг фарзлари боби
Улар учтадир:
Аввалгиси, оғиз ичини ювмоқдир. Иккинчиси, бурун ичини ювмоқдир. Учинчиси, қолган барча танасини ювмоқдир.
Ғуслнинг суннатлари боби
Улар бештадир:
Бошланишда икки қўлини бўғинларигача уч мартаба аввал ювади. Сўнг, жинсий аъзосини ювади. Сўнг, агар баданида нажосат бўлса, уни кетказади. Сўнг, намоз таҳорати каби таҳорат қилади, лекин, оёқларини (сув пастда тўпланадиган бўлса,) ювмай туради. Сўнг, бошидан ва танасининг бошқа жойларига (ўнг ва чап елкаларидан бошлаб) сувни уч мартаба қуяди. Сўнг, ушбу макондан (ғусл қилинган жойдан) чиқиб, икки оёқларини ювади. Ғусл қилганда аёлларга, модомики сув соч тагларига етадиган бўлса, соч турмак (ўрим)ларини бўшатмоқ (ёздирмоқ) вожиб эмас.
Бундан кейин, билгинки, ғусл ўн бир хил бўлади:
Улардан бештаси фарз. Улар икки уят аъзо қўшилганда ғусл қилмоқ; маний (отилиб) чиққанда ғусл қилмоқ; эҳтилом бўлганда (уйқуда булғанганда) ғусл қилмоқ; ҳайз ва нифос қони келиб битганда ғусл қилмоқдир. Улардан биттаси вожиб. У эса маййитни ювишдир. Улардан тўрттаси суннат. Улар жума ва арафа кунларидаги ғусл, эҳром боғлаш чоғидаги ғусл, икки ҳайит кунларидаги ғуслдир. Улардан биттаси мустаҳаб. У эса кофирнинг агар жунуб бўлмаган бўлса, мусулмон бўлган чоғидаги ғусли ҳисобланади. Агар жунуб бўлган бўлса, ғусл вожиб бўлади.
Рисола тамом бўлди.
Таржимонлар: Ҳамидуллоҳ Беруний ва Неъматулла Насруллаев.